Uzunqanot qushi uyalari Murad Buildings binolarida
19 Aprel 2016
Kuni kecha Murad Buildings binolariga 200 dan ortiq uzunqanot qushi uyalarini o‘rnatib chiqdik.
Nima uchun aynan uzunqanot? Bu o‘zi qanday qush?
Uzunqanot, xuddi qaldirg‘och kabi, osmonimizda fayzli ovoz chiqarib uchib yuruvchi, hammamizga mashxur qushdir. Arabchada «Abobil» deb nomlanuvchi bu qush, Qur’oni karimning 105-chi «Al-Fil» surasida ham keltirilgan. Makkaga muqaddas Ka’bani buzish niyatida bostirib kelayotgan Abraxa qo‘shini ustidan og‘izlaridagi sopol toshlarni yog‘dirib, ularni bu yovuz maqsadlariga qarshilik ko‘rsatadilar.
- Bundan tashqari, boshqa ma’lumotlarni o‘rganish natijasida, ushbu qushga nisbatan mehrimiz yanada ortdi.
- Uzunqanot o‘z yagona juftiga umr bo‘yi vafodor qolar ekan;
- Ular, har bahorda o‘z uyalariga qaytib kelishar ekan;
- Urg‘ochi qush tuxumdan polaponlari ochib chiqqunga qadar, erkagi o‘z juftini ovqatlantirar ekan;
- Xavfsizlikni ta’minlash maqsadida, ular o‘zlarining va polaponlarining chiqindilarini uyalaridan uzoqroq masofaga uloqtirishar ekan;
- Birgina qush, bir kunda yuz mingga yakin hasharotlarni iste’mol qilar ekan;
- Uzunqanot eng tez uchar qush bo‘lib, uchish tezligi soatiga 170 km tezlikka chiqishi mumkin;
- Ular yurishni ham, suzishni ham bilishmaydi. Shuning uchun, kun bo‘yi falakda uchib yurishni hush ko‘rishadi;
- Taom izlash maqsadida, 500-600 km masofaga borib kelishlari oddiy holat. Bu xuddi Toshkentlik yigitlarning «Bochka»ga borib, mastava ichib kelishlariga o‘xshaydi.
Bunday sifatlarini inobatga olgan holda, Murad Buildings uylarining har biriga, bundan buyon, hammamizga aziz bo‘lgan uzunqanotlar uchun uyalar o‘rnatib borishni maqsad qildik.